Sayt test rejimida ishlamoqda

Mir Alisher Navoiy haqida 15 maʼlumot

8-fevral 2023-yil
image

Nizomiddin Mir Alisher 1441-yilning 9-fevralida Hirotning Bogʻi Davlatxona mavzeyida, temuriylar xonadoniga yaqin boʻlgan davlat xizmatchisi Gʻiyosiddin Bahodir oilasida tavallud topgan. Tarixchi Mirxond “Ravzatus-safo” asarida yozishicha, Amir Alisherning bobosi Amir Temurning oʻgʻli Umarshayx bilan emikdosh boʻlgan. Quyida eʼtiboringizga Alisher Navoiy hayotiga taalluqli maʼlumotlarni taqdim qilamiz.

1. Navoiyning ilmga boʻlgan ishtiyoqi erta uygʻonib, 4 yoshida maktabda taʼlim ola boshlagan. Navoiy hazratlari 7 yoshida Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” asarini yoddan bilganlar.

2. 7 yoshli Nizomiddin Mir Alisher buyuk muhaddisimiz Buxoriy hazratlarining olti mingdan ziyod hadisi shariflarini yod bilgan. Mir Alisher 7-8 yoshlaridan boshlab gʻazallar yoza boshlagan.

3. Alisher Navoiy “muqarrabi hazrati sultoniy” (“sulton hazratlarining eng yaqin kishisi”) degan unvonni olgan. Unvon Navoiyga davlatning barcha ishlariga aralashish huquqini bergan.

4. Turkiy tilni qayta tiriltirgani Navoiyning maʼnaviyatimiz uchun ulkan jasorati boʻlgan. Zahiriddin Muhammad Bobur “Turkiy til bila to sheʼr aytibdurlar, hech kim oncha koʻp va xoʻb aytqon emas”, — deb yozsa, Husayn Boyqaro “Mir Alisher turk tilining oʻlik jasadigʻa Masih nafasi ila jon ato etdi” deb taʼkidlagan.

5. Alisher Navoiy oʻn besh-oʻn olti yoshlarida ham turkiy, ham forsiyda ijod qiladigan “ikki tilli” shoir sifatida tanilgan.

6. Alisher Navoiy oʻsmirlik yillarida oʻzi sevgan shoirlarning 50 ming baytdan ortiq sheʼrlarini yod bilgan.

7. Alisher Navoiy turkiy tilda yozgan sheʼrlariga Navoiy, forsiy tildagi sheʼrlariga Foniy deb taxallus qoʻyadi.Shoirning forsiy sheʼrlar toʻplami “Devoni Foniy” deb nomlangan.

8. Navoiyning sevgilisi sifatida tasvirlanadigan “Guli” ismi faqat xalq ogʻzaki ijodida, Navoiy haqidagi rivoyat va afsonalarda uchraydi xolos. Guli nomi Navoiyning hayoti haqida maʼlumot beruvchi yozma manbalarning hech birida uchramaydi.

9. Navoiy asarlarida Farhod – komil inson timsolidir. U bolaligidan ilmga chanqoq boʻladi va bir marta oʻqigani sira yodidan chiqmaydi. Farhod oʻn yoshga yetganda hamma ilmlarni egallab boʻladi.

10. Navoiy taxminan 18-19 yoshlarida Abdurahmon Jomiy bilan tanishadi. Jomiy uni ham farzand, ham shogird sifatida qadrlaydi.Keyinchalik bu ikki ulugʻ shoir oʻrtasidagi ustoz va shogirdlik munosabatlari yanada mustahkamlanib, ijodiy hamkorlikka aylanadi.

11. Samarqand Navoiyning hayoti va ijodida muhim ahamiyat kasb etadi. Alisher 1464-yilda Samarqandga keladi va bu yerda madrasada tahsil olib, ilm-fan, adabiyot va sanʼat bilan tanishadi.

12. 1469-yili Navoiy doʻsti Husayn Boyqaroning taxtga chiqishi munosabati bilan 90 baytdan iborat “Hiloliya” qasidasini yozadi (“hilol” – yangi chiqqan oy).

13. Navoiy oʻz jamgʻarmasi hisobidan Hirotda va butun Xuroson mamlakatida 300 dan ortiq inshootlar qurdirgan.

14. Alisher Navoiy 16 ta adabiy janrda ijod qilgan. Navoiy turkiy tilidagi ilk “Xamsani” 2 yil davomida yozadi. Dunyoning 64 tilga tarjima qilingan bu asar 51 ming misradan ortiq. Shoirning lirik merosi umumiy hajmi 50000 misradan ortiq “Xazoyinul-maoniy” nomli toʻrt devon (1491—1498)ga jamlangan.

15. Alisher Navoiy 1501-yil 3-yanvarda vafot etdi.Uni dafn etish chogʻida. maydalab yomgʻir yogʻib turgan edi. Buni tarixchi Xondamir “hatto tabiat ham motam tutdi” deya taʼriflagan.

info@xtv.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu