Sayt test rejimida ishlamoqda

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakili AQShda bo‘lib o‘tgan nufuzli xalqaro konferensiyada taqdimot bilan ishtirok etdi

24-fevral 2023-yil
image

2023-yilning 14-23-fevral kunlari Amerika Qo‘shma Shtatlari poytaxti Vashingtonda Qiyosiy va Xalqaro Ta’lim Jamiyati (Comparative and International Education Society) tomonidan “Adolatli dunyo uchun ta’limni yaxshilash” (Improving education for a more equitable world) mavzusidagi xalqaro ta’lim konferensiyasi o‘tkazildi.

 

 

Qiyosiy va Xalqaro Ta’lim Jamiyati ta’limni qiyosiy tahlil qilish, ta’limda teng imkoniyatlar yaratish va targ‘ib qilish orqali uni kengroq tushunish va rivojlantirish bo‘yicha ishlaydigan tashkilot bo‘lib, u tomonidan har yili tashkillashtiriladigan konferensiyaga butun dunyodan ko‘plab ta’limga daxldor davlat tashkilotlari, vazirlik vakillari, agentliklar, olim va tadqiqotchilar va pedagoglar ishtirok etadi. O‘z yo‘nalishi bo‘yicha eng yirik ta’lim konferensiyasi sifatida, har bir CIES yillik yig‘ilishi tadqiqot va ta’lim bilan bog‘liq ishlarni olib boradigan 3500 dan ortiq ishtirokchilarni bir joyga to‘playdi. Konferensiya ishtirokchilari ta’lim yo‘nalishida olib borilayotgan tadqiqotlar, hukumat siyosati, yutuqlar, shuningdek muammolar va ularni birgalikda hal qilish bo‘yicha taqdimot va muhokamalar qiladilar.

Bu yilgi CIES konferensiyasida O‘zbekiston vakillari ham ishtirok etib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida olib borilayotgan davlat siyosati, dasturlar va tadqiqotlar haqida taqdimot qildilar. Xususan, konferensiyada vazirlik nomidan ishtirok etgan Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan USAID hamda RTI International tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan “O‘zbekiston Barkamollik uchun ta’lim dasturi” doirasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, shuningdek, dastur doirasida olib borilgan tadqiqot natijalaridan foydalanish bo‘yicha vazirlik rejalari bo‘yicha taqdimotlar qildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” PF-5712-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) va RTI International tashkiloti bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Barkamollik uchun ta’lim dasturi” (Uzbekistan Education for Excellence Program) amalga oshirilmoqda. 2019-yil 28-sentyabrda imzolangan hamkorlik shartnomasiga ko‘ra, to‘rt yilga mo‘ljallangan mazkur dastur doirasida umumta’lim maktablarning 1-11-sinflarida ingliz tili, 5-11-sinflarida informatika va axborot texnologiyalari, boshlang‘ich sinflarida ona tili va o‘qish savodxonligi hamda matematika ta’limini yanada yaxshilash maqsadida o‘quv dastur va o‘quv-metodik qo‘llanmalar ishlab chiqildi. Xususan, ingliz tili va IAT fani uchun Cambridge University Press nashriyotining xalqaro nashrlari mahalliy dasturlarga moslashtirildi, 2021-2022-o‘quv yilida Sirdaryo va Namangan viloyatlaridagi 209 ta maktabda tajriba-sinovdan o‘tkazildi hamda amaliyotga joriy qilindi. Boshlang‘ich sinflar uchun tayyorlangan ona tili va o‘qish savodxonligi hamda matematika fanlari o‘quv-metodik majmualari    esa  2022-2023-o‘quv yilida Sirdaryo va Namangan viloyatlaridagi 919 ta maktabda tajriba-sinovdan o‘tkazilmoqda. Dastur doirasida, shuningdek mualliflar, metodistlar, pedagog va o‘qituvchilarning malakasi oshirilib, ularga uzluksiz metodik yordam ko‘rsatib kelinmoqda.

O‘quv-metodik qo‘llanmalarni tajriba-sinovdan o‘tkazish va amaliyotga joriy qilish davomida Vazirlik tomonidan RTI International tashkiloti bilan hamkorlikda turli tadqiqotlar ham olib borildi. Jumladan, dastur doirasidagi fanlar bo‘yicha tayyorlangan o‘qituvchi kitoblaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha tadqiqot (Teacher Guides Uptake Study), shaxsga yo‘naltirilgan va hamkorlikda o‘rganish ta’lim yondashuvlarini sifatli joriy qilish, o‘qitish va o‘rganish sifatini yaxshilash bo‘yicha tadqiqotlar (Teaching, Learning and Monitoring Study, Status of Instruction Study) olib borildi. Ushbu tadqiqot natijalaridan o‘quv-metodik qo‘llanmalarni amaliyotga samarali joriy qilishda foydalanilmoqda. 

Bir necha kun davom etgan konferensiyada Vazirlik hamda “O‘zbekiston Barkamollik uchun ta’lim dasturi” vakillarining taqdimotlari muvaffaqiyatli o‘tdi. O‘zbekistonda maktab ta’limi islohotlari konferensiya tashkilotchilari va qatnashchilari tomonidan keng e’tirof etildi hamda xalqaro hamkorlarda qiziqish uyg‘otdi. Bir qator tashkilot va tadqiqotchilardan bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kengaytirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar ishlab chiqish takliflari olindi.

 

 

info@xtv.uz
@uzedu
/uzedu.uz
@uzedu
/uzedu